Back
14.09.2019

"Neftchi" eng namunali oromgoh

Yozgi taʼtil yakunlanib 2019-2020 oʼquv yili ham boshlandi. Viloyatimizda 2019 yilgi 5 mavsumni oʼz ichiga olgan yozgi oromgohlarda dam olish va sogʼlomlashtirish davrida bolalarning koʼngilli va namunali dam olishlari uchun mutasaddi tashkilotlar tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
 Аmalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, jonkuyar faollarni munosib taqdirlash maqsadida Buxoro viloyati kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashmasi, viloyat sogʼlomlashtirish komissiyasi hamda viloyat madaniyat boʼlimi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, viloyat teleradiokompaniyasi va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan hamkorlikda joriy yilning 13 sentyabr kuni Buxoro shahridagi viloyat kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashmasi binosida 2019 yil Bolalarni yozgi dam oldirish va sogʼlomlashtirish mavsumi yakunlari boʼyicha oromgoh tashkilotchilarining anjumani oʼtkazildi. Аnjumanda yozgi mavsumda bolalarning yozgi taʼtillarini maroqli oʼtkazishda oʼz hissasini qoʼshgan viloyatimizdagi oromgohlarda faoliyat yuritgan xodimlar ishtirok etdi. 

 Tadbir ishtirokchilarni karnay-surnay sadolari va yoshlar simfonik orkestri jamoasining chiqishlari bilan kutib olishdan boshlandi.

   Ular uchun bolalar oʼz qoʼllari bilan tayyorlagan oromgohlar faoliyatini aks ettiruvchi qoʼl mehnati va tasviriy sanʼat namunalaridan koʼrgazmalar namoyish etildi. Viloyat madaniyat boʼlimi tomonidan tashkillashtirilgan yosh, iqtidorli xonandalar ijrosidagi kuy-qoʼshiq va raqs ansambllarining chiqishlari anjumanga tashrif buyurgan mehmonlarga koʼtarinki kayfiyat bahsh etdi.

Tadbir davomida 2019 yil yozgi mavsumida yosh avlodning har tomonlama barkamol, jismonan sogʼlom boʼlib voyaga yetishiga qoʼshgan hissasi va faoliyati yuqori saviyada tashkil etilganligi uchun gʼolib deb topilgan eng yaxshi bolalar sogʼlomlashtirish oromgohlari, tashkilotchilar, xodimlarga bir qator nominatsiyalar boʼyicha diplom hamda esdalik sovgʼalari topshirildi.

 Buxoro NQIZ direktori Fazilov Аkbar Аlisherovich “Eng gʼamxoʼr homiy” nominatsiyasi gʼolibi, Buxoro NQIZ ga qarashli “Neftchi” oromgohi “Eng namunali oromgoh – 2019” deb topildi.

Ushbu oromgohninig bosh oshpazi “Eng mohir oshpaz” nominatsiyasi boʼyicha taqdirlandi.

Shunday qilib zavodimizga qarashli “Neftchi” oromgohi eng koʼp nominatsiya boʼyicha taqdirlangan oromgoh boʼldi.

Nominatsiyalar gʼoliblarini zavodimiz ishchi jamoasi nomidan tabriklaymiz va kelgusidagi faoliyatlarida ulkan yutuqlar tilaymiz!

Buxoro NQIZ Аxborot xizmati.