Back
27.08.2019

Buxoro NQIZ da Mustaqillik bayrami keng nishonlandi

Bugun Buxoro NQIZ ga qarashli “Neftchilar” madaniyat saroyi hovlisida Oʼzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligi hamda  Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishga tushganligining 22 yilligi bayram tadbiri boʼlib oʼtdi.

Bu yilgi mustaqillik tadbirlari respublikamizda “Jonajon Oʼzbekiston, mangu boʼl omon!” shiori ostida nishonlanmoqda. Ona  yurtimizning barcha goʼshalari singari bizning zavodimizda ham ushbu bayramga keng tayyorgarlik koʼrildi.

Bayramona bezatilgan madaniyat saroyi hovlisida karnay sadolari ostida boshlangan tadbir dasturini Innovatsiya, investitsiyalar, rivojlanish istiqbollari va ishlab chiqarish boʼyicha Direktorning birinchi oʼrinbosari Baxtiyor Jumaboevich Mustafoev tabrik soʼzi bilan ochib berdi.

Direktor oʼrinbosari zavodda oʼtkazilgan futbol oʼyinlarida eng koʼp, yani 12 marta gʼalaba qozongan Taʼmir-mexanika sexiga Direktorning katta kubogini, Elektr taʼminoti sexiga esa mini futbol boʼyicha Kichik kubokni tantanali ravishda topshirdi.

Shundan soʼng zavod ishchi-xodimlari oʼrtasida anʼanaviy tarzda oʼtkaziladigan sportning milliy va ommaviy turlari boʼyicha boʼlib oʼtgan musobaqa gʼoliblarini Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro NQIZ boshlangʼich tashkiloti tomonidan hamda 30 yoshdan oshgan ayol ishchi-xodimlar gimnastradasi musobaqalari gʼolibarini zavod Kasaba uyushmasi qoʼmitasi hamda Xotin qizlar qoʼmitasi tomonidan kubok va qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi.

Buxoro NQIZ ga qarashli Sport sogʼlomlashtirish majmuasida faoliyat koʼrsatayotgan sport toʼgaraklarining jajji qatnashchilari ishtirokidagi koʼrgazmali chiqishlar mehmonlarning olqishlariga sazovor boʼldi.

Madaniyat saroyi toʼgarak oʼquvchilari, shuningdek, Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro NQIZ boshlangʼich tashkiloti tomonidan oʼtkazilgan “Sanʼatim sizga bahshida” koʼrik tanlovi ishtirokchilari va Qorovulbozor tuman Madaniyat boʼlimi sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan kuy va raqslar yigʼilganlar kayfiyatiga yanada koʼtarinkilik bagʼishladi.

Buxoro NQIZ Axborot xizmati.