Орқага
04.05.2023

“O‘zbekneftgaz”: Bolalar va o’smirlar o‘rtasida “Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanadigan energiya manbalari” mavzusida rasmlar tanlovini e`lon qiladi

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 18-20 may kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2023” 25-yubiley ko‘rgazmasi va O‘zbekiston uchinchi xalqaro energetika forumi doirasida mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim o‘rin tutuvchi turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Ushbu tadbirlar doirasida "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi korxonlarda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar farzandlari orasida “Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanadigan energiya manbalari” mavzusida rasmlar tanlovi ham tashkil etilmoqda.

Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad kelajak avlodni yashil iqtisodiyot, energiya tejash va qayta tiklanadigan energiya manbalari haqidagi tasavvurlarini shakllantirish, ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, badiiy mahoratlarini rivojlantirish hamda iste’dodlarini rag‘batlantirishdan iborat.

Tanlov quyidagi uchta yosh guruhida o`tkaziladi:

1) 6 yoshdan 8 yoshgacha;

2) 9 yoshdan 11 yoshgacha;

3) 12 yoshdan 14 yoshgacha.

Taqdim etilgan suratlarda bolalarning sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish haqidagi tasavvurlari hamda energiyani tejash va qayta tiklanadigan energiya manbalarining Ona tabiatga ijobiy ta’siri aks etishi lozim.

Tanlov shartlari quyidagicha:

• Rasmni chizishda har qanday chizish vositalaridan (akvarel, qalam, flomaster, guash va boshqalar) foydalansh mumkin.
• Chizilgan ijod namunalari A2, A3 yoki A4 shakldagi qog‘ozlarda, ramka va laminatsiyasiz, jpeg shaklida qabul qilinadi.

• Har bir ishtirokchi bitta ishni yuborish imkoniyatiga ega.

• Tanlov talablariga muvofiq ishda birovning asaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tanlov o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ro’yxatdan o’tishingiz lozim:
https://forms.gle/w9sHeeD49PauAUAx6.

Gʻoliblar e’lon qilingandan so‘ng suratning asl nusxasini bir kun ichida Toshkent shahri, Mirobod tumani, Istiqbol ko‘chasi 16-uy manzili bo‘yicha hаmda https://t.me/ungkonkurs telegram kanal orqali tashkilotchilarga taqdim etishi talab qilinadi.

• Tanlovga qabul jarayoni 2023 yil 2 may kunidan boshlanadi.

• Suratlar 12 may kuni soat 16:00 gacha qabul qilinadi.

• 12 maydan 15 maygacha hakamlar hay’ati tomonidan baholash jarayoni amalga oshiriladi.

• Gʻoliblar “O‘zbekneftgaz” AJ www.ung.uz rasmiy veb-sayti va telegram kanali orqali 16 may kuni e’lon qilinadi.

Gʻoliblar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati