Орқага
19.12.2023

“O‘zbekneftgaz” AJ 2022 yil Barqaror rivojlanish hisoboti 

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil sentyabr oyidagi 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari shakllantirilgan yangi global majburiyat hisoblanadi. Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi va unga tegishli vazifalar keng miqyosli masalalar, salomatlik va farovonlikdan tortib to iqlim o‘zgarishlarigacha, gender tengligidan tortib iste’mol va ishlab chiqarish modellari o‘zgarishlarigacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ mamlakat neft-gaz tarmog‘ining tayanch tashkiloti sifatida O‘zbekiston Respublikasi xalqi farovonligi uchun o‘z mas’uliyatini to‘liq his qiladi va BMT maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shishga harakat qiladi. Shu maqsadda Jamiyat barqaror rivojlanishning ilg‘or korporativ tajribalarini o‘z faoliyatiga joriy etish bo‘yicha tizimli ish olib bormoqda. 2022 yilda Jamiyatning tashkiliy tuzilmasida barqaror rivojlanishni tizimli boshqarish, tashabbuslarni muvofiqlashtirish va barqaror rivojlanish sohasidagi faoliyat shaffofligini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan mustaqil ESGni amalga oshirish bo‘limi tashkil etildi.

Korporativ barqaror rivojlanish (ESG - Environment, Social and Governance) ekologik va ijtimoiy mas’uliyat, hamda korporativ boshqaruv yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, korporativ kun tartibining butun spektrini qamrab oluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarning keng ro‘yxatini shakllantirdi.

Ushbu ro‘yxat quyidagi ESG ustuvorliklarini o‘z ichiga oladi:

• energiya samaradorligini oshirish;
• uglerod izlarini kamaytirish;
• atmosfera havosini muhofaza qilish;
• suv resurslaridan oqilona foydalanish;
• sanoat xavfsizligini ta’minlash;
• xilma-xillik va teng imkoniyatlar;
• kadrlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
• xayriya va ijtimoiy loyihalar;
• samarali korporativ boshqaruv;
• axborot shaffofligi va oshkor etilishi.

Barqaror rivojlanish sohasidagi korporativ siyosat samaradorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri bu tashkilotning axborot ochiqligi va faoliyat shaffofligidir. Shu munosabat bilan, 2021 yilda Jamiyat rahbariyati tomonidan Global Reporting Initiative (GRI) standartlariga muvofiq yillik Barqaror rivojlanish hisobotlarini tayyorlash va e’lon qilishga qaror qilindi.

2023 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ 2022 yil uchun Barqaror rivojlanish hisobotini tayyorladi. Ushbu hisobot Jamiyatning barcha bo‘linmalarining birgalikdagi faoliyati natijasi bo‘lib, uning barqaror rivojlanish bilan bog‘liq faoliyatining barcha jihatlari, jumladan, korporativ boshqaruv amaliyotini rivojlantirish hamda ekologik va ijtimoiy mas’uliyatni amalga oshirishni qamrab oladi.

Hisobot keng omma, jumladan, professional va ekspert hamjamiyatlari vakillari, jurnalistlar, jamoat arboblari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda boshqa manfaatdor shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Hisobot matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
https://www.ung.uz/esg/esg_database

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati