Орқага
15.07.2021

"Buxoro NQIZ" MChJ: Import o‘rnini bosish tarmoqlararo hamkorlikning yorqin namunasi sifatida

"O‘zkimyosanoat" AJ bilan tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish doirasida "Farg‘onaazot"AJ tomonidan ishlab chiqarilgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlatiladigan trinatriyfosfat kimyoviy reagentini import o‘rnini bosish amalga oshirildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘iga binoan kimyo sanoatining mahalliy ishlab chiqaruvchilari bilan sohaviy hamkorlik aloqalarini kengaytirish doirasida joriy yilning 16-17 mart kunlari Buxoro neftni qayta ishlash zavodida "O‘zkimyosanoat" AJ vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, bunda kimyoviy reagentlarni import o‘rnini bosish sohasida hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Erishilgan kelishuvlar natijasida"O‘zkimyosanoat "AJ tomonidan 2021-yil aprel oyida "Farg‘onaazot"AJ tomonidan ishlab chiqarilgan 75 kg trinatriyfosfat tajriba-sanoat sinovlarini o‘tkazish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga beg‘araz taqdim etildi.

2021-yil 20-apreldan 28-aprelgacha bo‘lgan davrda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqilgan dasturga asosan Buxoro NQIZ Suv ta'minoti va oqava sexining zavod tozalash inshootlarida (ZOS) import kimyoviy reagent trinatriyfosfatdan foydalanishni kamaytirish maqsadida mahalliy ishlab chiqarilgan kimyoviy reagentning tajriba-sanoat sinovlari o‘tkazildi.

Tajriba sinovlari davomida har kuni chiqindi suvlarni biologik tozalash jarayonidan tahlillar o‘tkazildi.

O‘tkazilgan tajriba-sanoat sinovlari yakunlariga ko‘ra, "Farg‘onaazot" AJ tomonidan ishlab chiqarilgan trinatriyfosfat sifati import qilinadigan reagentning fizik-kimyoviy va funksional xususiyatlaridan kam yemasligi aniqlanib, mahalliy ishlab chiqarilgan trinatriyfosfat ("Farg‘onaazot" AJ) chiqindi suvlarni biologik tozalash jarayonida Suv ta'minoti va oqava sexida foydalanish uchun tavsiya etildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish departamenti ko‘magi bilan 2021-yil 17-18-iyun kunlari Nukus shahrida hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va "Farg‘onaazot" AJ o‘rtasida 2021-yil 22-iyunda o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi va trinatriyfosfat sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Zavodning bu reagentga bo‘lgan umumiy ehtiyoji yiliga 3 tonnadan oshadi.

Ayni paytda trinatriyfosfat kimyoviy reagenti yetkazib berildi va Buxoro neftni qayta ishlash zavodida biologik oqava suvlarni tozalash jarayonida muvaffaqiyatli foydalanilmoqda.

"Buxoro NQIZ" MChJ Matbuot xizmati